Men umrimda hech qachon boshqa birovning hayoti bilan qiziqib yashamaganman. Hozir ham qiziq emas. Chunki mening o‘z yo‘lim bor, o‘z maqsadlarim bor. Tunu kun xayolimda bitta narsa aylanadi: qanday qilib Level of financial freedom'ga chiqishim mumkin, qanday qilib o‘zim uchun xohlagan hayotni qurishim mumkin.

Boshqa bir insonning hayoti bilan qiziqish, kim nima qilyapti, qancha topyapti, qayerda yashayapti — bular haqida o‘ylashga menda na vaqt bor, na ehtiyoj.

Lekin bitta narsa meni doim o‘ylantiradi.

Qachon eski biror tanishim bilan ko‘rishsam, odatda ikkinchi savol:

— Nima ish qilyapsan?

Mayli, bunga javob beraman. Keyin esa deyarli darhol:

— Qancha pul topyapsan?

degan savol keladi.

Shunda o‘ylab qolaman: odamlar haqiqatan ham boshqa birovning hayotini so‘rab-surishtirishga, uning qancha pul topayotganini bilishga, hatto shu haqida o‘ylashga shunchalik ko‘p vaqt topishadimi?

O‘zi bir-birimizning nima ish qilayotganimizni yoki qancha pul topayotganimizni bilish shunchalik muhimmi?

Men eng yomon ko‘radigan narsalardan biri — qancha pul topayotganim haqida gapirish. Shu sababli buni so‘ragan odamlarga ko‘p holatda umuman javob bermayman. Lekin qiziq tomoni shundaki, ular baribir yana so‘rashadi.

Men hech qachon insonni qancha pul topishi bilan o‘lchamaganman. Odamning puli uning kimligini, fikrining to‘g‘riligini yoki inson sifatidagi qiymatini belgilamaydi.

Menga esa o‘z hayotim qiziq.

Men qayerga borishim, nimalarga erishishim va o‘zim uchun qanday hayot qurishim haqida o‘ylayman.

Qolganlarining hayoti esa — o‘zlariga tegishli.